SMTI: SHHT global tahdidlarga javob berish uchun chuqur modernizatsiyaga ehtiyoj sezmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-4 iyul kunlari Pekinda "Global tinchlik va farovonlikni rivojlantirish: umumiy mas’uliyat, manfaat va yutuqlar" shiori ostida 13-Butunjahon tinchlik forumi o‘tkazildi.
Tadbir Sinxua universiteti, Xitoy tashqi ishlar instituti tomonidan tashkil etildi. Forumda 86 mamlakat va mintaqadan 1200 dan ortiq vakillar, jumladan, sobiq davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi tahliliy markazlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi.
Jahon tartibotining o‘zgarishi sharoitida mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va Yevroosiyoda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Faxriy mehmonlarlardan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o'rinbosari Xan Chjen, Belgiya sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashining sobiq prezidenti Herman van Rompey, Yaponiya sobiq bosh vaziri Yukio Xatoyama va boshqalar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov SHHTning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi roliga bag‘ishlangan sessiyada ma’ruzachi sifatida so‘zga chiqdi.
U o‘z nutqida so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt ichida SHHT Osiyo, Yevropa va Afrikaning 26 mamlakatini, jumladan, BMT XK, G20, BRIKS va ASEAN a’zolarini birlashtirgan xalqaro tizimning muhim elementiga aylanganini ta’kidladi. Tashkilot mamlakatlari hissasiga dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i (3,5 milliard kishi), jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 1/4 qismi va jahon savdosining 15 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi. 2024-yilda 10 ta a’zo davlatning umumiy yalpi ichki mahsuloti 25 trillion dollarga yetgan.
Uyushmaning 80 dan ortiq xalqaro shartnoma, 35 ta ustav organi va 40 ta ishchi mexanizmni o‘z ichiga olgan mustahkam institutsional asosga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
E.Aripov birlashma samaradorligining ishonchli misoli sifatida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) faoliyatini keltirdi. MATT uch yil davomida 200 dan ortiq terrorchilik guruhlarni aniqlagan va zararsizlantirgan hamda 7,6 mingga yaqin qurol-yarog‘ni musodara qilgan. Bundan tashqari, savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 20 yil ichida 100 barobarga oshgan.
SHHTning kuchi va o‘ziga xosligi madaniy-sivilizatsion, iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan butunlay farqli davlatlarni birlashtira olish qobiliyatida namoyon bo‘ladi. E.Aripov ta’kidlaganidek, SHHTning alohida jozibadorligi uning bloklarga qo‘shilmaslik maqomi, ochiqlik tamoyili hamda uchinchi mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilmaganligi bilan ta’minlanadi.
Shu bilan birga, erishilgan ta’sirchan natijalarga qaramay, SHHT, SMTI direktori ta’kidlaganidek, yangi geosiyosiy voqelikka moslashishi lozim. Xalqaro institutlar va yadroviy tiyib turish tamoyillariga asoslangan avvalgi jahon tartibi o‘z barqarorligini yo‘qotib bormoqda. Ikki qutbli model o‘tmishda qoldi, bir qutblilik ko‘p qutblilik bilan almashinyapti, global boshqaruv mexanizmlari esa ishonch inqirozini boshdan kechirmoqda.
SMTI rahbari SHHTning xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi samaradorligini oshirish masalasida so‘z yuritarkan, bir qator aniq chora-tadbirlarga e’tibor qaratdi.
Birinchidan, xavfsizlik sohasida hamkorlik institutlarini kuchaytirish zarur. SMTI direktori kibertahdidlarga qarshi kurashish, terrorizmni moliyalashtirishga chek qo‘yish masalalari bo‘yicha vakolatlarini kengaytirgan holda Toshkentdagi MATT negizida Universal markaz tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Ekspertning ta’kidlashicha, terrorchilarning targ‘ibot, moliyalashtirish, ta’lim berish va kiberhujumlarni rejalashtirish uchun raqamli platformalardan faol foydalanishi alohida tashvish uyg‘otmoqda. U shuningdek, Bishkekda Xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazi va Dushanbeda Giyohvandlikka qarshi kurash markazini tashkil etish bo‘yicha uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan takliflarni eslatib o‘tdi. Uning aytishicha, bu tuzilmalar nafaqat rasmiy maqomga, balki haqiqiy vakolatlarga, resurslarga va tezkor hamkorlik mexanizmlariga ham ega bo‘lishi zarur.
E.Aripov, shuningdek, Xitoydagi anjumanda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Dehli sammitida ilgari surilgan Ekstremistik mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan dasturni qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
Ikkinchidan, Afg‘oniston masalasida SHHTning kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish, chunki bu mamlakatdagi vaziyat mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. "Biz oldingi xatolarni takrorlamasligimiz lozim - yakkalanish faqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yomonlashtirib, buzg‘unchi kuchlarning faollashuvi uchun sharoit yaratadi," deya ta’kidladi direktor. Shu nuqtai nazardan, u sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va umumiy strategiyani ishlab chiqish maqsadida SHHT - Afg‘oniston aloqa guruhining faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
So‘zining yakunida Eldor Aripov hozirgi sharoitda birdamlikning zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik, Shanxay ruhi va SHHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolish muhimligini ta’kidladi. "Tashkilot mintaqaviy xavfsizlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda yetakchi kuchga aylanish uchun barcha zarur salohiyatga ega," - deya ta’kidladi u.
Butunjahon tinchlik forumi (WPF) 2012-yilda tashkil etilgan global xavfsizlik bo‘yicha yetakchi xalqaro platformadir. WPFning asosiy maqsadi xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb muammolarini muhokama qilish, global tahdidlarni hal qilish bo‘yicha konstruktiv yondashuvlarni ishlab chiqish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.