Standard Chartered kompaniyasi O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarda ishtirokini chuqurlashtirish niyatida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Standard Chartered Bank” bosh ijrochi direktori Saif Malik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, bankning Davlat sektori va tashkilotlarni rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Lyusi Raxal, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullayev, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda bir qator mas’ullar ishtirok etdi.
“Standard Chartered Bank” — dunyodagi yetakchi xalqaro investitsiya banklaridan biri bo‘lib, 60 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Bankning asosiy faoliyat yo‘nalishlari davlat sektori, energetika, infratuzilma va moliyaviy xizmatlar sohalarida tranzaksiyalarni moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Tomonlar O‘zbekiston va “Standard Chartered Bank” o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, bank tomonidan mamlakatimizdagi davlat va korporativ sektor bilan amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, “Standard Chartered Bank” O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy bozorlarga integratsiyalashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida faol ishtirok etib kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni chuqurlashtirish va istiqboldagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish borasida kelishuvga erishdi. Bank vakillari O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyalashtirishda davom etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.