Sud temir yo‘l yo‘lovchilaridan noqonuniy ushlangan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risidagi talablarni qonuniy deb topdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sud organlari Temir yo‘l tashuvlari xizmatlarini nazorat qilish bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Maxsus komissiyaning qarori qonuniy ekanini tasdiqladi. Unga ko‘ra, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va "Shahar atrofida yo‘lovchi tashish" MCHJ 792 186 nafar yo‘lovchidan noqonuniy tarzda ushlangan mablag‘larni qaytarishi shart.
Avvalroq Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda, ushbu kompaniyalar temir yo‘l chiptalarini sotish jarayonida qonuniy limitdan ortiq komissiya yig‘imlari undirgani aniqlangan edi.
Qo‘mita ushbu mablag‘larni fuqarolarga qaytarish, qonunbuzarliklarni bartaraf etish hamda kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan. Biroq kompaniyalar bu talablarga rozi bo‘lmay, sudga murojaat qilgan.
Bir necha sud instansiyalarida ko‘rib chiqilgan ish natijasida daʼvodor kompaniyalarga rad javobi berildi va Qo‘mitaning qarorlari haqli deb topildi. Sud hukmiga ko‘ra, tashuvchi kompaniyalar nafaqat noqonuniy ushlangan mablag‘larni qaytarishi, balki qonunga muvofiq jarimalarni ham to‘lashi lozim.
Shu bilan, Qo‘mita harakatlari qonuniy deb eʼtirof etildi, isteʼmolchilar manfaatlari esa sud yo‘li orqali himoya qilindi.