Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Madaniyat 20/05/2025 Toshkentga san’atni qaytarmoqda: shaharda uchta noyob mozaika yuzasi tozalandi

Toshkentga san’atni qaytarmoqda: shaharda uchta noyob mozaika yuzasi tozalandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 1970-yillarning o‘rtalarida rassom Nikolay Jarskiy tomonidan yaratilgan, biroq 2021-yilda fasad ta’mirlash ishlari sababli o‘z qiyofasini yo‘qotgan uchta mozaika yana jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ularning tiklanishi payme tomonidan shahar me’moriy merosini asrashga qaratilgan tashabbusning yana bir bosqichi bo‘ldi. Loyiha Toshkent hokimligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Madaniy meros agentligi ko‘magida amalga oshirildi.

Nikolay Jarskiy ijodiga mansub pannolar — sovet modernizmi bebaho merosi va poytaxt faxri edi. Ular uzoq yillar davomida poytaxt vizual qiyofasining bir qismi bo‘lib kelgan, so‘nggi yillarda esa bo‘yoq ostida qolgan edi. Poytaxtning Shayxontohur va Uchtepa tumanlaridagi turar joy binolari fasadlarida joylashgan pannolar yuzasidagi bo‘yoq mutaxassislar nazorati ostida va mozaika yuzasini asrash bo‘yicha qat’iy tavsiyalarga rioya qilgan holda ehtiyotkorlik bilan tozalandi.

payme mozaikalarni asrash loyihasini 2023-yilda boshlab bergan. O‘sha yili kompaniya tashabbusi bilan 200 dan ortiq mozaikali bino fasadlaridan reklama bannerlari olib tashlanib, 157 ta mozaika madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.

Nodira Shermatova, payme marketing bo‘limi direktori:

“Bir kuni foydalanuvchilarimizga shunday degan edik: “Siz uchun muhim bo‘lgan narsa — biz uchun ham muhim”. Shu paytdan beri biz odamlar uchun muhim bo‘lgan qadriyatlarni izlab topishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib kelmoqdamiz. Toshkent aholisi o‘z shahrini chiroyli va yorqin ko‘rishni istaydi — biz esa bunga o‘z hissamizni qo‘shishga astoydil harakat qildik. Bir necha yil oldin biz mozaikalardagi reklamalarni olib tashlagan va boshqalarni ham bunga chaqirgan edik. Bugun esa bo‘yoq ostida qolganlarini tozalayapmiz, chunki bu biz uchun bir martalik tashabbus emas, balki davom etayotgan tarixning bir qismidir. Nikolay Jarskiyning mozaikalaridan bo‘yoqni tozalab, biz shaharga uning madaniy kodining muhim sahifalarini qaytardik”.

Loyiha keng jamoatchilik e’tiborini qozondi va xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi: payme hisobida TAF! (O‘zbekiston), AdBlackSea (Gruziya), Jolbors (Qozog‘iston) va Baku Flames (Ozarbayjon) kabi reklama festivallarida olingan 17 ta mukofot hamda Gran-pri bor.

Fotima Abdurahmonova, “Tashkent Mosaics” loyihasining ilmiy rahbari:

“Bo‘yoq ostida qolgan mozaikalarni tiklash — bu shaharning vizual tarixini, o‘tgan davrlar, insonlar va g‘oyalar haqidagi xotirasini qaytarishdir. Eng boshidanoq bizga doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan payme’ga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu hamkorlik tufayli loyiha jadal sur’at oldi va biznes hamda shahar tashabbuslari madaniy merosni birgalikda qanday saqlashi mumkinligining yorqin namunasi bo‘ldi.”

Oldinda — loyihaning yangi bosqichi. Hozircha esa tozalangan mozaikalarni quyidagi manzillarda ko‘rish mumkin:

Bog‘ko‘cha massivi, 1- va 3-uylar

Chilonzor-12 dahasi, 4a-uy

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling