В Тегеране состоялся бизнес-форум Узбекистана и Ирана
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11-may kuni Tehron shahridagi “Sa’dobod” majmuasida O‘zbekiston Bosh vaziri hamda mezbon mamlakat Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref boshchiligidagi hukumatlar delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotgani, bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida muntazamlik kasb etayotgan samimiy muloqotlar muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Tomonlar ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini istiqbolda Prezidentlarimiz belgilab bergan 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.
Xususan, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mazkur yo‘nalishda ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muayyan masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan sa’y-harakatlarni birlashtirib, aniq amaliy choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mamlakatlarimiz hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdilar.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishida tegishli vazirlik va idoralar yanada faol ishlashlari lozimligi aytildi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi", Imtiyozli savdo Bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi, O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi, Halol standart sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.