Vivek Badrinat: O‘zbekistondagi yangi tartiblar 2029 yilgacha YAIM o‘sishini 1,3%ga oshiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mobil xizmatlar uchun aksiz solig‘i bekor qilinishi va tarmoq uskunalari importi uchun bojxona to‘lovlarining kamaytirilishi O‘zbekiston YAIMini 2029 yilgacha 1,3%ga oshirish imkonini beradi. Bu haqda GSMA bosh direktori Vivek Badrinat Toshkentda o‘tkazilayotgan M360 Eurasia xalqaro forumi doirasida maʼlum qildi.
«Bugungi kunda ishonch — raqamli tanglikni bartaraf etish, 5G va sunʼiy intellekt salohiyatini to‘liq ochib berish, hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda asosiy omildir. Bu ishonchni esa, avvalo, to‘g‘ri siyosat va tartib-qoidalar taʼminlaydi», — deya taʼkidladi Badrinat.
U ayniqsa mobil sohani rivojlantirishga qaratilgan soliq siyosatidagi o‘zgarishlarga alohida eʼtibor qaratdi.
«Mobil xizmatlar uchun aksizning bekor qilinishi va tarmoq uskunalari uchun import bojlarining pasaytirilishi 3,3 milliongacha yangi ulanishlar, mobil keng polosali internet qamrovini 8% ga ortiq oshishi va, eng muhimi, 2029 yilgacha mamlakat YAIMining 1,3%ga o‘sishiga olib keladi. Bu barcha bozor ishtirokchilari va davlat uchun foydali holatdir», — dedi GSMA bosh direktori.
Shu bilan birga, u 5G texnologiyalarini keng joriy etish uchun qulay sharoit yaratish muhimligini qayd etdi:
«5Gni to‘liq ishga tushirish uchun operatorlarga 3,5 GGs diapazonida 100 megagersli kanallar, shuningdek, kelajakda 6 GGs diapazonidan foydalanishga tayyorgarlik kerak. Faqat shunday sharoitlar mavjud bo‘lsa, tarmoqning barqaror rivoji va yangi raqamli xizmatlarning kengayishiga umid qilish mumkin».
Vivek Badrinat taʼkidlaganidek, barqaror va shaffof tartibga solish muhiti yaratilishi — raqamli transformatsiya muvaffaqiyati va O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash garovidir.