Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulov
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2022 yilda Wildberries – Rossiya va MDH davlatlarida yetakchi onlayn savdo platformasi – O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshladi. Shundan beri kompaniya millionlab o‘zbekistonlik xaridorlarga tovarlarning juda keng tanlovini taqdim etibgina qolmay, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro bozorlarga chiqishda ham yordam bermoqda.
Toshkent investitsiya forumi arafasida biz Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulov bilan suhbatlashdik. Eksklyuziv intervyuda u o‘zbek elektron savdosi xususiyatlari haqida so‘zlab berdi hamda kompaniyaning kelgusidagi rivojlanish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Onlayn savdo bozorining O‘zbekistondagi holatini qanday baholaysiz? Mamlakatdagi dastlabki bir necha yilda Wildberries qanday natijalarga erishdi?
– O‘zbekistonda elektron tijorat bozori jadal rivojlanmoqda va ulkan salohiyatga ega. Hozirda uning hajmi yiliga 1 milliard dollardan oshdi, bu O‘zbekistondagi chakana savdo hajmining taxminan 4 foizini tashkil etadi. Solishtirish uchun aytsak: Rossiyada elektron tijoratning ulushi 16 foizni, Qozog‘istonda esa 14 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. Bu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda onlayn savdo yana-da o‘sishi mumkin.
O‘zbekistonda elektron tijorat rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud: mobil internet, yosh aholi, iqtisodiyot va daromadlar o‘sishi. Texnologiyalar va tajribaga ega xalqaro marketpleyslarning – jumladan, Wildberriesning mamlakatga kirib kelishi – bozor rivojini tezlashtirdi va raqobatni kuchaytirdi.
Asosiy yutug‘imiz sifatida men 2023–2024 yillarda Wildberries orqali sotilgan o‘zbek mahsulotlarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshganini aytib o‘tishim mumkin.
– Wildberries faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan solishtirganda, O‘zbekistondagi e-commerce bozorining o‘ziga xosligi nimada?
– Biz odatda yangi davlatda faoliyatni bir xil model asosida boshlaymiz. Avvalo, mahalliy xaridorlar uchun platformamizni ochamiz, ularga tovarlarning ulkan tanlovini taklif qilamiz, yirik shaharlarda buyurtma berish va olish uchun qulay nuqtalar tashkil etamiz. Keyinchalik mahalliy sotuvchilarni ham platformaga jalb qilamiz – ular Wildberries orqali nafaqat mamlakat ichida, balki kompaniyamiz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan boshqa davlatlarda ham mahsulot sotishi mumkin.
Qiziqarli jihat – O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari tomonidan Wildberries orqali amalga oshirilgan savdolar hajmi o‘zbekistonlik xaridorlar qilgan xaridlar hajmidan ancha yuqori bo‘ldi. Bu qisman kutilgan natija edi. Yengil sanoat sohasida dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan O‘zbekiston boshqa mamlakatlar xaridorlariga sifatli va raqobatbardosh narxlardagi mahsulotlarni taklif eta oladi. Shu bilan birga, chegaraoldi savdo imkoniyati – Wildberries‘ning 10 ta mamlakatda faoliyat olib borishi – bizning asosiy afzalliklarimizdan biridir.
Biz o‘zimizga muhim maqsad qo‘yganmiz – O‘zbekistondagi kichik va o‘rta bizneslarga global savdoga qo‘shilishda yordam berish. Biz ularga onlayn savdo platformasi va logistika qo‘llab-quvvati bilan bu maqsadga erishish uchun yordam beramiz.
– O‘zbekistonlik xaridorlar Wildberries orqali qanday tovarlarni xarid qiladilar? Odatiy xaridor portretini tasvirlab bersangiz.
– Bu amaliy, qulaylik va keng tanlovni qadrlaydigan xaridordir. Biz yosh oilalar, 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan faol ayollar, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan onlayn xaridlarga barqaror qiziqishni kuzatmoqdamiz. Ular har xil turdagi tovarlarni xarid qiladi: kiyim-kechak, poyabzal, kosmetika, maishiy texnika, bolalar o‘yinchoqlari, dala-hovli uchun buyumlar va boshqalar. Erkaklar esa, asosan, avto va moto tovarlar, elektronika, instrumentlar va maishiy texnikani ko‘proq xarid qiladilar.
– 2024 va 2025 yilning dastlabki oylarida o‘zbek mahsulotlariga talab qay darajada o‘sdi? Qaysi mahsulotlarlar eng talabgor bo‘lmoqda?
– 2024 yilda o‘zbek mahsulotlarining Wildberries orqali sotuvi 61% ga o‘sdi, mahsulot turlari esa 45% ga kengaydi. Ilovada maxsus “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli alohida vitrina yaratdik. Eng ommabop tovarlar qatoriga futbolkalar, longslivlar, sport kostyumlari va yotoq jixozlari kiradi. Eng yirik bozor – Rossiya. Biroq Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘izistonda ham o‘zbek mahsulotlari savdosi ikki baravardan ziyod o‘sdi.
2025 yilda o‘sish surʼati saqlanib qolmoqda. Biz o‘zbek mahsulotlarini O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga intilayotganimizni taʼkidlamoqchiman. Yaʼni, ular avval chet elga olib chiqilib, u yerda qadoqlanmasdan, bevosita mamlakat ichida tayyor holda eksport qilinishini xohlaymiz. Bu maqsadda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda marketpleyslar orqali soddalashtirilgan eksport tartibini joriy qilish ustida ishlayapmiz. Bu o‘z navbatida o‘zbek sotuvchilari imkoniyatlarini kengaytiradi.
– Wildberries tomonidan O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Biz O‘zbekistonning turli hududlarida Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda o‘quv markazlari yaratish loyihasini yo‘lga qo‘ydik. U yerda ishlab chiqaruvchilar platformamiz bilan tanishish, onlayn biznes yuritish va Wildberries tomonidan taklif qilinayotgan barcha instrumentlardan samarali foydalanishni o‘rganishlari mumkin. O‘tgan yil 100 dan ortiq bepul seminarlar o‘tkazdik. Shuningdek, “O‘ztekstilsanoat” uyushmasi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari tashkil etmoqdamiz.
Hozirda “O‘sish platformasi” deb nomlangan yangi tashabbusni amalga oshirmoqdamiz. U tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va kompleks o‘qitishga qaratilgan. Biz eksklyuziv bilimlar, amaliy instrumentlar va mutaxassislar ko‘magiga ega imkoniyatlarni taqdim etyapmiz. Bu orqali o‘zbek ishlab chiqaruvchilarga o‘z biznesini kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqishda yordam bermoqchimiz.
– Wildberries tomonidan O‘zbekistonda qanday logistik infratuzilma rivojlantirilmoqda?
– Aprel oyida Toshkentdagi sortlash markazi hajmi ikki baravarga oshirildi – kunlik 100 000 ta buyurtmani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa yetkazib berishni yana-da tez va qulay qiladi. May oyida kuryerlik yetkazib berish xizmati ishga tushirildi – hozircha faqat Toshkentda, ammo yaqin vaqt ichida uni boshqa hududlarga ham kengaytirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab buyurtma qabul qilish va yetkazib berish nuqtalarini ko‘paytirish niyatimiz bor.
180 000 kvadrat metr maydonga ega yirik logistik kompleks qurish rejasi hamon amalda. Barcha tashkiliy va huquqiy masalalar hal qilingach, bu haqda batafsil maʼlumot beriladi.
– Onlayn savdo rivojiga oid 2–3 yillik progno‘zlaringiz qanday?
– KPMG konsalting kompaniyasining bahosiga ko‘ra, 2027 yilga kelib O‘zbekistonda onlayn savdo bozori hajmi 2 milliard dollarga yetishi mumkin.
Biz bu bahoga qo‘shilamiz. Hozirgi o‘sish surʼatlarini inobatga olsak, yaqin yillarda elektron tijorat ulushi mamlakatdagi chakana savdo hajmining 4 foizidan 10 foizgacha o‘sishi mumkin.