Yandex Uzbekistan Toshkent bo‘ylab gastronomik qo‘llanma — Ultima Guide'ni taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Go‘ning premium xizmati — Ultima jamoasi ilk bor Toshkentda texnologik restoran qo‘llanmasi Ultima Guide'ni taqdim etdi. Ushbu xizmat sun’iy intellekt va mutaxassislar hamda foydalanuvchilarning ovoz berishi orqali shaharning eng yaxshi 20 ta restoranini aniqladi. Qo‘llanma har yili yangilanib boriladi.
Ultima Guide'ga kiritilgan restoranlar ro‘yxati 22 may kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida e’lon qilindi. Har bir muassasa latundan tayyorlangan marvarid shaklidagi mukofot — statuetkaga ega bo‘ldi. Bu statuetkalar restoran-finalchilarning “gastronomik durdonalar” sifatidagi e’tirof belgisiga aylanadi.
Ultima Guide'ga mijozlarga manzur kelgan, original konsepsiyaga hamda yuqori sifatli taomlarga ega restoranlar kiritildi. Top-20 ro‘yxatida milliy taomlar taklif etuvchi OBI Hayot va The Choyxona, Yevropa va O‘rta yer dengizi oshxonasi taomlari bilan mashhur Basilic, La Mer, Punto, Quadro, panoramali restoranlar Gravity va Restaurant 12, kichik qahvaxonalar — Zira Cafe kabi turli xil formatdagi muassasalar o‘rin olgan.
Qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha uchta restoran mukofotga sazovor bo‘ldi. Steak House “Myasnoy” “Foydalanuvchilar tanlovi” va “A’lo xizmat ko‘rsatish” nominatsiyalarida g‘olib chiqdi. “Mutaxassislar tanlovi” deb “Sirovarnya” restorani tan olindi, eng yaxshi interer uchun Lali restorani taqdirlandi.
Ultima Guide restoranlar ro‘yxati loyihaning rasmiy saytida o‘zbek va rus tillarida, shuningdek, Yandex Go ilovasidagi «Taomlar» bo‘limida mavjud. Finalchilarni Yandex Maps orqali ham topish mumkin — “Ultima Guide” deb izlash kifoya. Shuningdek, qo‘llanmaga kiritilgan restoranlar Yandex Maps xaritasida Ultima Guide maxsus belgisi bilan ajratib ko‘rsatiladi.
Ultima Guide bir necha bosqichda shakllantirildi. Avvalo, neyron tarmoq Toshkentdagi 3000 dan ziyod restoranni 100 dan ortiq mezon bo‘yicha tahlil qildi. Tanlov boshlanishi paytida ochilganiga uch oy to‘lmagan restoranlar, klassik barlar, qahvaxonalar, fud-kortlar va tarmoq restoranlar saralashdan chiqarib tashlandi — bu kabi formatlar uchun alohida yondashuv va baholash mezonlari talab qilinadi.
Belgilangan parametrlar asosida sun’iy intellekt 140 ta restoranni saralab oldi, shundan so‘ng ovoz berish jarayoni boshlandi. Unda toshkentlik 39 nafar mutaxassis — restoran sohasi vakillari, shef-oshpazlar hamda gastro-blogerlar, shuningdek Yandex Go orqali restoranlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan 4500 foydalanuvchi ishtirok etdi. Har bir foydalanuvchi faqat bir marta, shaxsiy havola orqali ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ovoz berish natijalari Yandex'ning ichki baholash modeli orqali hisoblab chiqildi, natijalar “Yakov i Partnyori” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan tekshirildi. Tanlov metodologiyasini The World's 50 Best Restaurants'ning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha hakamlar hay’ati raisi Yekaterina Pugachyova ishlab chiqishda yordam berdi. Hozirda Ultima Guide loyihasi uchta mamlakatda rivojlanmoqda.
Ultima Guide — 2024 yil sentyabrda Toshkentda yo‘lga qo‘yilgan Ultima Yandex Go premium xizmatlar toifasini to‘ldiruvchi yangi loyiha hisoblanadi. Ultima nafaqat luks toifadagi avtomobil xizmatlari, balki mualliflik restoranlaridan taom yetkazib berish xizmatini ham taklif etadi. Shu bilan birga, Ultima Guide'ga faqat Ultima xizmatining sherik restoranlari emas, balki boshqa sara muassasalar ham kiritildi.