Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 27/03/2025 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: 2024 yil faoliyati yakunlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: 2024 yil faoliyati yakunlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar 

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bugun mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi asosiy generatsiya tarmog‘i hisoblanadi. Tarmoq korxonalarining yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidagi ulushi 70 foizni tashkil etadi.

2024 yil davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan jami 32 mlrd.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu rejaga nisbatan 3 mlrd.kVt.soatga ko‘p bo‘lib, qo‘yilgan vazifa 110 foizga bajarildi.

2024 yilda investitsiya loyihalari doirasida 646,14 mln. AQSH dollari o‘zlashtirildi, bunda belgilangan reja ijrosi 104,73 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida yangi, zamonaviy, energotejamkor qurilmalarni joriy etish maqsadida, Tolimarjon IES AJda 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasini qurish ishlari yakuniy bosqichga kirib, yirik investitsiya loyihasi joriy yilning oxiriga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Toshkent IEMda 64 MVt bo‘lgan ikkita gaz-turbina qurilmalari ishga tushirildi. Navoiy IESda esa 650 MVt ega 3 sonli bug‘-gaz qurilmasi va Yunusobod tumanidagi 4 sonli issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega zamonaviy gaz-porshen elektr stansiyasining qurilishiga start berildi.

Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarini 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida jami 53 ta energoqurilmalarda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada energoqurilmalarning mavjud quvvati 291 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 235 tonna/soatga oshirilishiga erishildi. Shuningdek, poytaxtimizning so‘nggi nuqtalarida joylashgan aholini  issiqlik energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Olmazor tumanidagi “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida yangi, zamonaviy, energotejamkor kogeneratsiya qurilmasi barpo etildi. Bu yerda 1,2 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan gaz-porshen qurilmasi hamda 6,4 Gkall issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi 2 ta Bosch qozonlari o‘rnatildi. Natijada issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 90 foizga kamaytirilishiga, qo‘shimcha yiliga 8 mln. kVt soat elektr energiyasi va 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishiga hamda 0,7 mln. kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ayni paytda huddi shunday loyiha Sergeli tumani “O‘zgarish” mahallasida ham bunyod etilmoqda.

Hisobot davrida aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv va strategik rivojlanish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Jamiyat jahonda rivojlangan kompaniyalar qatorida respublikada birinchilardan bo‘lib, ISO 27001 (axborot xavfsizligi),  ISO 37001 (korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari – foydalanish bo‘yicha talab va tavsiyalar) ISO 44001 (korporativ boshqaruv) hamda ISO 50001 (energo tizim boshqaruvi), ISO 45001 (mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi), ISO 14001  (ekologik xavfsizlik) xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.

Katta to‘rtlik (Big four) auditorlik tashkilotlari sarasiga kiruvchi “Deloitte” xalqaro auditorlik tashkilotining tegishli hulosalari olinganidan so‘ng, 2025 yilning 20 yanvarida “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi aksiyadorlik jamiyatining xalqaro indikativ reytingini “BB-” “Barqaror” darajada saqlab qoldi va O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga teng darajada deb eʼlon qildi. Shu bilan birga, Jamiyatning korporativ boshqaruv tizimini 2024 yil yakuni bo‘yicha baholash natijasiga ko‘ra, 944 ball berildi va jamiyatda korporativ boshqaruv tizimi holati “yuqori” deb eʼtirof etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Korporativ boshqaruvining zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” kursida Jamiyatning 1 nafar rahbar xodimlari (raisi, o‘rinbasarlari) o‘qitildi va test sinovlari natijasiga ko‘ra sertifikatlar olindi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ inson kapitaliga  doimiy eʼtibor qaratadi. Shu maqsadda 2024 yilda Jamiyat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish bo‘yicha yillik reja-jadval ishlab chiqildi. Unga asosan yil davomida 5068 ta xodimning malakasi oshirildi. 2024-yilning avgust oyi yakuniga qadar Jamiyat va tizim korxonalarining 88 nafar xodimlari Rossiya, Xitoy, Turkiya va Qirg‘iziston, Yaponiya davlatlarida tashkil etilgan turli xalqaro forum va seminarlarda malaka oshirib qaytdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling