Oʻzbekiston Grapa Global bilan uzumchilik loyihalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Grapa Global bilan uzumchilik loyihalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev AQSHning “Grapa Global” kompaniyasi prezidenti Shachar Karniel bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, uzumchilik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, AQSH kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda danaksiz uzum navlarini yetishtirish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi. Ta’kidlanganidek, loyiha doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori hosildor va eksport talablariga mos uzum navlarini parvarishlash, keyinchalik esa ularni xalqaro bozorlarga eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonning qulay iqlim sharoiti, quyoshli kunlarning ko‘pligi hamda uzumchilik bo‘yicha boy tajribasi ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishi qayd etildi. Shuningdek, mazkur tashabbus yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish va mahalliy fermerlarning daromadini ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida Qahramon Yuldashev Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakolatlari doirasida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga, investorlar va xorijiy hamkorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar istiqbolli loyihalar yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish, hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirish hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.