Oʻzbekiston Senati maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirdi

Oʻzbekiston Senati maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirdi

Oʻzbekiston Senati maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —  Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonun jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda sud tizimi shaffofligini taʼminlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida Kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu norma isteʼmolchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq maʼlumot olish huquqini taʼminlashga qaratilgan bo‘lib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi.

Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi – voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.

Bu voyaga yetmaganlarning ruhiy holatini inobatga olish, ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish va xalqaro standartlarga mos ravishda bola manfaatlarini himoya qilish kafolatini yaratadi.

Shuningdek, Qonun bilan maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga bo‘lgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi. Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qo‘llanilmaydi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi maʼmuriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat prinsiplari asosida isloh qilishga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling