Oʻzbekiston va Koreya Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yoʻl loyihasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Koreya Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yoʻl loyihasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 10-iyun kuni Koreya Respublikasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov va O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bo’lim boshlig’i Dushaev Anvar hamda “Saman Corporation” kompaniyasi ijrochi direktori Hee-young Lee o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning bugungi holatini muhokama qilib, Toshkent–Samarqand yangi yuqori tezlikdagi temir yo‘l liniyasini qurish loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish jarayonlari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, Koreya Eksport-import banki (KEXIM) tomonidan bildirilgan qo‘shimcha taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, loyiha bo‘yicha yakuniy texnik-iqtisodiy asosni taqdim etish muddatlari kelishib olindi.
Shuningdek, xorijiy hamkor tomonidan kelgusida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yaratish maqsadida “Toshkent–Andijon” hamda “Toshkent–Termiz” temir yo‘l liniyalari loyihalari bo‘yicha loyiha yechimlarini ekspertizadan o‘tkazish va texnik maslahat xizmatlari ko‘rsatib kelinayotgani qayd etildi.
Muzokaralar yakunida transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilinib, kelgusida o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.