Oʻzbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo bo‘yicha davlat kotibi Diana Yanse bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, migratsiya, ta’lim, innovatsiyalar, farmatsevtika, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokamasi davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, shved kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridagi ishtirokini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokamasi doirasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani ta’minlash, mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratish, migrantlarga ko‘rsatiladigan konsullik xizmatlarini takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim;

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati o‘rtasida qonuniy migratsiya va akademik almashuvlarni osonlashtirishga yo‘naltirilgan migratsiya va mobillik pilot dasturini tashkil etish to‘g‘risidagi Qo‘shma anglashuv deklaratsiyasi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling