“Oʻzbekneftgaz” va CNLC neft va gaz sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
“Oʻzbekneftgaz” va CNLC neft va gaz sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Oʻzbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov Xitoyning yirik neft-gaz korporatsiyasi "CNPC"ga qarashli "CNLC" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda burgʻilash uskunalarini yetkazib berish, geofizika xizmatlari va yuqori haroratga chidamli quduq uskunalarini xarid qilish masalalari muhokama qilindi.
Dastlab “CNPC” kompaniyasi bilan soʻnggi vaqtda yaqin va oʻzaro ishonchli hamkorlik munosabatlari yoʻlga qoʻyilgani, kompaniya tarkibidagi tashkilotlar bilan qator manfaatli shartnomalar imzolanib, bugungi kunda amaliy ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasida imzolangan yuk koʻtarish quvvati 650 tonna boʻlgan ZJ90 rusumli burgʻilash qurilmasini yetkazib berish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.
Muzokaralarda geofizika xizmatlari sohasidagi hamkorlik yoʻnalishlari ham muhokama qilindi. Xususan, 4500-6000 metrgacha boʻlgan chuqur quduqlarda karotaj, sinov va perforatsiya ishlarini amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
“Oʻzbekneftgaz” tomonidan yuqori haroratli — 200°S gacha boʻlgan quduqlarda geofizika ishlarini amalga oshirish uchun "CNLC" kompaniyasi taqdim etgan tijorat takliflarini raqobatbardosh va maqbul shartlar asosida qayta koʻrib chiqish bildirildi.
Shuningdek, “Oʻzbekgeofizika” AJ uchun yuqori harorat va bosimga chidamli geofizik quduq uskunalarini xarid qilish masalasi ham kun tartibidan oʻrin oldi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda texnik talablar, uskunalarning ishonchliligi va narx parametrlarini atroflicha muhokama qildilar.
Muzokaralar davomida perforatsiya ishlarini mahalliylashtirish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida qoʻshma korxona tashkil etish taklifi ham bildirildi. Bu borada alohida ishchi guruh tuzish, loyihani xalqaro standartlar va zamon talablari asosida shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni oʻzaro manfaatli shartlar asosida rivojlantirish, texnik yechimlarni takomillashtirish va raqobatbardosh tijorat takliflarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.