Qoraqalpogʻistonda 101 ta uy qurilishi moliyalashtiriladi
Qoraqalpogʻistonda 101 ta uy qurilishi moliyalashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligida “InFinBank” AJ hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, “InFinBank” AJ aksiyadori Farhod Mamadjanov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Mazkur memorandum doirasida “InFinBank” tomonidan homiylik mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Loyiha doirasida yosh oilalar yashab kelayotgan og‘ir ahvoldagi uy-joylar o‘rniga yangi uy-joylar qurib berilib, zarur infratuzilma yaratish hamda quyosh panellarini o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Jami 101 ta uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu memorandum Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash va farovon hayotini ta’minlash yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.