UzNIF London va Toshkent birjalarida savdolarni boshladi

UzNIF London va Toshkent birjalarida savdolarni boshladi

UzNIF London va Toshkent birjalarida savdolarni boshladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Buyuk Britaniyada 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi — UzNIF qimmatli qog‘ozlarining Toshkent fond birjasi va London fond birjasida ikkilamchi savdolari boshlandi. Bu milliy kapital bozorini rivojlantirish va uning xalqaro integratsiyasini kengaytirishdagi yangi bosqich sifatida baholanmoqda.

Savdolarning boshlanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 avgustdagi UzNIFni tashkil etish to‘g‘risidagi PQ–303-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirildi. Bu jarayon mamlakat fond bozorini rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan islohotlarning davomi sifatida ko‘rilmoqda.

Rasmiy materiallarda taʼkidlanishicha, jamg‘armaning joylashtirilishi O‘zbekiston tarixidagi eng yirik ommaviy takliflardan biri bo‘lgan. Shuningdek, u 2026 yilda London fond birjasidagi eng yirik IPO va Yevropa mintaqasida hajm jihatidan ikkinchi o‘rindagi joylashtirish hisoblanadi.

Savdolar deyarli bir vaqtning o‘zida boshlandi: “Toshkent” Respublika fond birjasida mahalliy vaqt bilan soat 09:30 da, London fond birjasida esa soat 12:00 da. Toshkentdagi ochilishda UzNIF aksiyalari bir donasi 5,39 so‘mdan savdoga chiqarildi. London birjasida esa global depozitar raspiska (GDR)lar 27,50 AQSH dollariga baholandi. Belgilangan konvertatsiya koeffitsiyentiga ko‘ra, bir dona GDR 64 700 ta aksiyaga teng bo‘lib, bu har bir aksiya uchun taxminan 5,094 so‘mga to‘g‘ri keladi.

18 may kuni savdo yakunlariga ko‘ra, aksiya narxi 5,07 so‘mdan 7,5 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda o‘zgarib turdi. Jami 726 millionga yaqin aksiya ishtirokida 4,2 mingdan ortiq bitim amalga oshirildi. Savdolarning umumiy hajmi taxminan 4,34 milliard so‘mni tashkil qildi. Sessiya yakunida aksiya narxi 5,46 so‘m darajasida qayd etildi. Bu jismoniy shaxslar uchun joylashtirish narxidan taxminan 24 foizga va institutsional investorlar uchun belgilangan darajadan 17 foizga yuqori bo‘ldi.

Qayd etilishicha, operatsiyalarning katta qismi xususiy investorlar tomonidan Jett va boshqa onlayn servislar orqali masofaviy tarzda amalga oshirilgan. Bozor ishtirokchilari fikriga ko‘ra, bu aholining fond bozoriga jalb etilishi ortib borayotgani va investitsiya qilishning raqamli kanallari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Materiallarda taʼkidlanishicha, UzNIF savdolarining boshlanishi mamlakat moliyaviy tizimiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanayotganini, kapital bozorining rivojlanayotganini va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar davom etayotganini aks ettiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling