Andijonda 35,1 mlrd so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlandi
Andijonda 35,1 mlrd so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Andijon viloyatida «Soliq Mobile» ilovasi orqali noqonuniy ravishda keshbek hisoblash yo‘li bilan 35,1 mlrd so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish sxemasi fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida olti nafar fuqaro oldindan til biriktirib, byudjet mablag‘larini noqonuniy olish sxemasini tashkil etgani aniqlangan.
Tergov jarayonida uch nafar fuqaro nomiga sakkizta masʼuliyati cheklangan jamiyat ro‘yxatdan o‘tkazilgani maʼlum bo‘lgan. Korxonalar o‘rtasida amalda moliyaviy-xo‘jalik faoliyati mavjud bo‘lmaganiga qaramasdan, 2026 yil mart–aprel oylarida kompyuter texnikasidan foydalangan holda umumiy qiymati 1,1 trln so‘mlik tovar yetkazib berish bo‘yicha soxta elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgan.
Shundan so‘ng onlayn-nazorat kassa mashinalari orqali aholiga tovar sotilgani haqida soxta cheklar shakllantirilgan. Ushbu maʼlumotlar asosida «Soliq Mobile» ilovasi orqali 100 458 nafar fuqaroga keshbek hisoblangan.
Noqonuniy harakatlar natijasida davlat byudjetidan 35,1 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan va talon-toroj qilingan.
Shuningdek, Andijon viloyati soliq boshqarmasi mansabdor shaxslari 1,1 trln so‘mlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgani va shubhali operatsiyalar aniqlanganiga qaramay, mazkur korxonalarning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatidagi guvohnomalarini bekor qilish choralarini ko‘rmagani hamda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagani qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 205 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish materiallari tegishlilik bo‘yicha prokuratura organlariga yuborilgan.