Farg‘onada 1,2 mlrd so‘mlik dori vositalari musodara qilindi

Farg‘onada 1,2 mlrd so‘mlik dori vositalari musodara qilindi

Farg‘onada 1,2 mlrd so‘mlik dori vositalari musodara qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona shahrida umumiy qiymati 1 milliard 247 million so‘m bo‘lgan yirik partiyadagi dori vositalarining noqonuniy muomalasi holati aniqlandi. Bu haqda bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma tezkor tadbir yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.

Operatsiya Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati vakillari tomonidan o‘tkazildi. Tekshiruv Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroning uyi oldida “Gazel” rusumli avtomashinadan dori vositalari tushirilayotgan vaqtda amalga oshirildi.

Transport vositasi va turar joy ko‘zdan kechirilganda, xonadon hovlisi va oshxonasida 38 nomdagi 29,4 ming donadan ortiq dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Shuningdek, “Gazel” avtomashinasi ichida 25 nomdagi 16,5 ming donadan ziyod dori preparatlari topildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qariyb 46 ming dona dori vositasining sifati va kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi, shuningdek ular belgilangan qoidalarga zid ravishda saqlangani va tashilgani maʼlum bo‘ldi.

Musodara qilingan preparatlar vaqtinchalik saqlash joyiga topshirildi. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling