Toshkent viloyatida nasos ichiga yashirilgan narkotik topildi

Toshkent viloyatida nasos ichiga yashirilgan narkotik topildi

Toshkent viloyatida nasos ichiga yashirilgan narkotik topildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda texnik qurilma ichiga yashirilgan narkotik moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni aniqladi. Bu haqda tezkor tadbir yakunlari bo‘yicha xabar qilindi.

Tadbir davomida avvaldan kuzatuv ostiga olingan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan 1994 yilgi fuqaro qo‘lga olindi. Undan belgilangan tartibda xorijdan olib kelingan suv nasosi qurilmasi olib qo‘yildi.

Qurilma xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning ichida 968 gramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, gumonlanuvchi ijarada yashagan Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi xonadonda narkotik moddalarni qadoqlash uchun ishlatilgan elektron tarozi, zip-paketlar va skotchlar topilib, musodara qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, ushlangan shaxs internet orqali faoliyat yurituvchi narkomarketda “omborchi” vazifasini bajargan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling