Oʻzbekiston yer osti tunnellari uchun jarimalarni kuchaytiradi
Oʻzbekiston yer osti tunnellari uchun jarimalarni kuchaytiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Davlat chegarasini muhofaza qilish va uning daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Loyihaga muvofiq, yer ostida noqonuniy barpo etilgan inshootlar, tunnellar yoki boshqa infratuzilma ob’ektidan foydalangan holda sodir etilgan bojxona qonunchiligini buzish holatlari og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, bunday inshootlar va tunnellar orqali qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki davlat chegarasini kesib o‘tish holatlari uchun ham javobgarlik kuchaytirilyapti.
Qonun loyihasida davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar va tunnellar qurilishiga yoki boshqa infratuzilma ob’ekti barpo etilishiga bila turib shart-sharoit yaratish, ulardan foydalanish, shuningdek, ushbu faoliyatni moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasi mamlakat xavfsizligini mustahkamlash, davlat chegarasi orqali sodir etiladigan noqonuniy harakatlarning oldini olish, bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.