Oʻzbekistonda nuqsonli tovarlarni almashtirish tartibi aniqlashtiriladi
Oʻzbekistonda nuqsonli tovarlarni almashtirish tartibi aniqlashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonunning 14-moddasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Oʻzbekiston Qonunchilik palatasi yigʻilishida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, ayniqsa, nuqsonli tovarlarni almashtirish jarayonidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikda nuqsonli tovarni almashtirish jarayonida tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish asoslari va tartib-taomillari aniq belgilanmagan. Bu ayrim holatlarda tovarni almashtirish muddatining asossiz cho‘zilishiga, natijada esa iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi tegishli normalar bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishi, tuzilishi yoki tarkibiga oid kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi aynan shunday markali tovar mavjud bo‘lsa, uni darhol almashtirib berishi shart bo‘ladi. Amaldagi tartibga ko‘ra 7 kun ichida almashtirilishi belgilangan.
Loyihada qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish asoslari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, tovardagi nuqsonlar iste’molchiga tovar realizatsiya qilinganidan keyin saqlash yoki foydalanish qoidalarining buzilishi, yoxud uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlarda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi.
Mahsulot sifatini qo‘shimcha tekshirish bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan qoplanadi. Biroq, tekshirish natijasida tovarda nuqson mavjud emasligi yoki nuqson iste’molchining qoidalarni buzishi yoxud uchinchi shaxslar harakati oqibatida kelib chiqqanligi aniqlansa, ushbu xarajatlar iste’molchi tomonidan qoplanishi belgilanmoqda.
Hujjatda iste’molchining huquqlari ham aniq belgilab qo‘yilyapti. Xususan, u shaxsan yoki o‘z vakili orqali tovar nuqsonining kelib chiqish sabablarini tekshirish jarayonida ishtirok etish, tekshiruv vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinishi hamda o‘z mablag‘lari hisobidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.