“Rally Muynak – 2026” musobaqalari Qoraqalpog‘istonda turizm rivojiga xizmat qilmoqda
“Rally Muynak – 2026” musobaqalari Qoraqalpog‘istonda turizm rivojiga xizmat qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-24-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2026” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati o‘tkazilmoqda.
Chempionat mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilish hamda tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Mamlakatimizning turli hududlaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflari bo‘yicha bellashmoqdalar.
Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etildi.
“Rally Muynak – 2026” avtomotosport musobaqalarida 120 nafardan ortiq avtomotosport ustasi, shundan 40 tadan ortiq avtomobil, 25 tadan ziyod mototsikl va 15 tadan ortiq “Baggi”da ishtirok etmoqda.
Uch kun davom etgan ushbu nufuzli musobaqani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo bo‘ylab avtomotosport ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatib borishmoqda.
“Rally Muynak – 2026” avtomobil sporti musobaqalari g‘oliblariga, sport murabbiylari va hakamlarga tashkilotchilar tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari topshiriladi.