Toshkent va Tyantszin savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirmoqda
Toshkent va Tyantszin savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Tyanszin shahri meri Chjan Gun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, Toshkent shahrida qulay ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy iqlimni yaratish masalalarini muhokama qildilar.
So‘nggi yillar yakunlariga ko‘ra, ikki shahar o‘rtasidagi savdo munosabatlari hajmi 58 foizga o‘sib, barqaror o‘sishni namoyon etayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda xitoylik sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tyanszin shahri rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasidan bo‘lgan sarmoyadorlar bilan tezkor hamkorlik qilish hamda ularga loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahrida hokimlikning doimiy shtabini (vakolatxonasini) tashkil etish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligining tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, muzokaralar doirasida Toshkent shahrida drenaj tizimi, tozalash inshootlari va irrigatsiya infratuzilmasini qurish loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirgan “Tianjin Urban Construction” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya shahar muhandislik infratuzilmasi sohasida salmoqli xalqaro tajribaga ega ekani hamda Tyanszin shahri meriyasi ushbu loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Tomonlar hududlararo hamkorlikning izchil rivojlanishi ikki tomonlama munosabatlarning yuksak sur’ati hamda O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli mumkin bo‘layotganini alohida ta’kidladilar.Toshkent shahri delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Tyanszin shahri meri Chjan Gun bilan uchrashuv o‘tkazdi.