Toshkentda 22 may kuni ayrim yo‘llar yopiladi
Toshkentda 22 may kuni ayrim yo‘llar yopiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi 22 may kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga kuzatish tadbiri munosabati bilan transport harakati vaqtincha cheklanishini maʼlum qildi.
Maʼlumotga ko‘ra, cheklovlar soat 16:00 dan 21:00 gacha poytaxtning qator ko‘chalarida amal qiladi. Ular xavfsizlikni taʼminlash va tadbirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida joriy etilmoqda.
Ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ida shaharning bir nechta hududida transport harakati vaqti-vaqti bilan cheklanishi mumkin. Jumladan, Chilonzor–Cho‘ponota chorrahasidan Cho‘ponota ko‘chasi bo‘ylab Cho‘ponota–Qatortol chorrahasigacha bo‘lgan yo‘nalishda, shuningdek KHAY–Chilonzor chorrahasidan Chilonzor ko‘chasi bo‘ylab Chilonzor–Cho‘ponota chorrahasigacha bo‘lgan hududlarda cheklovlar amal qiladi.
Shuningdek, KHAY–Bunyodkor chorrahasidan Bunyodkor ko‘chasining ikkinchi darajali yo‘li orqali Bunyodkor–Cho‘ponota chorrahasigacha, Nurafshon–Sebzor chorrahasidan Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov–Bunyodkor chorrahasigacha, hamda Islom Karimov–Bunyodkor chorrahasidan Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab Bunyodkor–Ikkinchi Qatortol chorrahasigacha bo‘lgan uchastkalarda ham harakat cheklanadi.
Haydovchilarga oldindan muqobil yo‘nalishlarni rejalashtirish va shahar bo‘ylab harakatlanishda vaqtinchalik cheklovlarni inobatga olish tavsiya etildi.