Fliggy platformasida O'zbekistonga qiziqish ortib bormoqda
Fliggy platformasida O'zbekistonga qiziqish ortib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —“ITB China” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston Milliy stendida Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov “Alibaba Group” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi yirik onlayn sayohat platformasi “Fliggy” vitse-prezidenti Li Yan bilan bilan muzokaralarda ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ma’lum qilinishicha, 2025-yil davomida platformada O‘zbekistonga qiziqish 40%ga oshgan va platforma orqali 20 mingdan ortiq xitoylik sayyoh O‘zbekistonga turlar sotib olishgan.
Muloqot davomida O‘zbekistonga xitoylik turistlar oqimini yanada ko‘paytirish, platforma orqali mamlakat turizm salohiyatini faol targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, platformaning keng imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida unga ko‘proq o‘zbekistonlik turizm biznesi vakillarini jalb qilish, qo‘shma marketing dasturlarini ishlab chiqish hamda tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlari tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.