Mirziyoyev Denizlidagi YTH munosabati bilan Turkiyaga hamdardlik bildirdi
Mirziyoyev Denizlidagi YTH munosabati bilan Turkiyaga hamdardlik bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Denizli viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida insonlar halok bo‘lgani va jabrlanganlar borligi munosabati bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga chuqur taʼziya va hamdardlik izhor etib, jabrlanganlarning barchasiga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Turkiya ommaviy axborot vositalari maʼlumotlariga ko‘ra, halokat yakshanba kuni ertalab mamlakatning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan. Pamukkale turistik kompaniyasiga tegishli avtobus Izmirdan Antaliyaga yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, 38 nafar yo‘lovchi va uch nafar ekipaj aʼzosini tashib ketayotgan bo‘lgan.
Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 01:40 da transport vositasi yo‘l to‘siqlariga kelib urilgan, shundan so‘ng yong‘in chiqqan.
Hodisa oqibatida kamida sakkiz kishi, jumladan avtobus haydovchisi halok bo‘lgan.
Yana 33 nafar kishi turli darajada jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.