Samarqand global ekologik kun tartibining markaziga aylandi: GEF Kengashining 71-yig'ilishi boshlandi

Samarqand global ekologik kun tartibining markaziga aylandi: GEF Kengashining 71-yig'ilishi boshlandi

Samarqand global ekologik kun tartibining markaziga aylandi: GEF Kengashining 71-yig'ilishi boshlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida Global ekologik fond (GEF) Kengashining 71-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Ushbu tadbir GEFning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi arafasida o‘tkazilmoqda. Unda GEFga a’zo 186 mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ekologik agentliklar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Bir necha kun davomida GEFning boshqaruv organlari ekologik va iqlim loyihalari uchun 200 million dollardan ortiq mablag‘ ajratish masalalarini ko‘rib chiqadilar, shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning dasturiy yo‘nalishlarini muhokama qiladilar. GEF, LDCF/SCCF va GBFF kengashlari yig‘ilishlari 2030-yilgacha bo‘lgan global ekologik maqsadlarga erishishni jadallashtirishga bag‘ishlangan.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda Global ekologik fond bosh direktori hamda strategiya va operatsiyalar bo‘yicha direktori Klod Gaskon nutq so‘zladi.

Aziz Abduhakimov o’z nutqida GEF Assambleyasi va unga hamroh tadbirlarning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta sharaf ekanligini ta’kidladi.

“Asrlar davomida Samarqand turli qit’alardagi insonlar, madaniyatlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan. Bugun esa shahar yana birlashuv nuqtasiga aylanmoqda — endi umumiy ekologik muammolarni hal etish yo‘lidagi global hamkorlik markazi sifatida”, — dedi u.

Shuningdek, Assambleyaning bu yilgi mavzusi — “2030 yil uchun so’nggi intilish” — ekologik inqiroz kuchayib borayotgan va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun vaqt tobora qisqarayotgan sharoitda ayniqsa dolzarb ekani qayd etildi.

Nutqda O‘zbekiston GEF bilan uzoq yillik hamkorlikni yuksak qadrlashi ta’kidlandi. Hamkorlik yillari davomida jamg‘arma mamlakatga biologik xilma-xillikni saqlash, jumladan, qor qoplonini muhofaza qilish, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, iqlimga chidamlilikni oshirish, yer va chiqindilarni barqaror boshqarish tizimlarini takomillashtirishda ko‘maklashdi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi GEF loyihalari portfeli umumiy qiymati 56 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta yangi loyiha portfeli ham shakllantirilgan.

Kengash yig‘ilishlari davomida okeanlar va bioxilma-xillikni saqlash, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda aralash moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga oid loyihalar muhokama qilinadi. Xususan, qayta tiklanuvchi energetika va energiya saqlash tizimlari, jumladan, O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tashabbuslar ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, GEF-9 dasturiy strategiyasini tasdiqlash, eng kam rivojlangan mamlakatlar va kichik orol davlatlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyatlarning ekologik maqsadlarga erishishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi. Assambleya arafasida Samarqandda GEF fuqarolik jamiyati tashkilotlari Forumi ham o‘tkaziladi.

GEF VIII Assambleyasining rasmiy ochilish marosimi 4-iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling