Senat Oʻzbekistonda harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rad etdi
Senat Oʻzbekistonda harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun bilan harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar to‘g‘risidagi axborotni real vaqt rejimida idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali almashish, harbiy ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish hamda serjantlar tarkibi uchun yangi harbiy unvonlarni joriy etish nazarda tutilgan.
Qonunning bu kabi ko‘plab ijobiy jihatlariga qaramasdan, senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar tomonidan Qonunning ayrim normalari amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari va huquqni qo‘llash amaliyotiga to‘liq muvofiq emasligi qayd etildi.
Xususan, davlat organlarining vakolatlari, harbiy ro‘yxatni yuritish tartibi, idoralararo axborot almashinuvi hamda fuqarolar huquqlariga daxldor ayrim normalarni qayta ishlash zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Qonun qabul qilinishi munosabati bilan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilishi lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yetarlicha tahlil qilinmagani qayd etildi.
Senatorlar bu kabi holatlar normativ-huquqiy hujjatlar barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, huquqni qo‘llash amaliyotida qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligiga eʼtibor qaratdilar.
Senatorlar Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.