Senat Oʻzbekistondagi favqulodda vaziyatni monitoring qilish boʻyicha hisobot soʻradi
Senat Oʻzbekistondagi favqulodda vaziyatni monitoring qilish boʻyicha hisobot soʻradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 15-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masala ko‘rib chiqildi.
Majlisda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda aholi va hududlarni tabiiy ofatlar hamda texnogen avariyalardan muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohani rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, amalga oshirilgan tahlillar sohada qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Jumladan, favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, idoralararo integratsiyani taʼminlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda malakali kadrlar bilan taʼminlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Qayd etilganidek, 2025-yil davomida mamlakatimizda 82 ta favqulodda vaziyat yuz berib, ular oqibatida insonlar halok bo‘lgan va jarohatlangan. Shuningdek, yong‘inlar va gaz-havo aralashmalari chaqnashi bilan bog‘liq holatlar soni ham oshgani tashvish uyg‘otmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Muhokama yakunida Senatning Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.