IFC Markaziy Osiyoda KOB uchun 10 mln dollar sarmoya kiritadi

IFC Markaziy Osiyoda KOB uchun 10 mln dollar sarmoya kiritadi

IFC Markaziy Osiyoda KOB uchun 10 mln dollar sarmoya kiritadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasidagi kichik va o‘rta biznes subyektlari Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan Highland Central Asia Fund II jamg‘armasiga 10 mln AQSH dollarigacha kiritiladigan investitsiyalar hisobidan moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu haqda rasmiy xabarda maʼlum qilindi.

Investitsiyalar xususiy sektor rivojini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bozorini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Qayd etilishicha, kichik va o‘rta biznes Markaziy Osiyo iqtisodiyotining muhim qismi bo‘lib, xususiy sektorda bandlikning katta ulushini taʼminlaydi hamda mahalliy iqtisodiyotlar barqarorligiga hissa qo‘shadi.

Highland Central Asia Fund II O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasida bir vaqtning o‘zida faoliyat yurituvchi yagona institutsional to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi hisoblanadi. Uning maqsadli hajmi 75 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Mablag‘lar sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, riteyl, logistika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk va mehmonxona biznesi sohalaridagi 10–15 ta kompaniyani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Avvalroq mintaqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi cheklangani qayd etilgan. 2018 yilda Qirg‘iz Respublikasida IFCning 8 mln dollarlik ko‘magi bilan tashkil etilgan Highland Capital‘ning birinchi jamg‘armasi 12 ta kompaniyaga 21 mln dollar investitsiya kiritib, 900 dan ortiq ish o‘rni yaratilishiga xizmat qilgan.

Highland Capital hammuassisi Eldan Usubakunov taʼkidlashicha, O‘zbekiston bozoriga kirish kompaniya faoliyatini kengaytirishda muhim bosqich bo‘lib, Markaziy Osiyoda investitsiya ekotizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.

IFCda qayd etilishicha, korporatsiyaning asosiy investor sifatida ishtirok etishi jamg‘armaning birinchi bosqich moliyalashtirishini yakunlash va rivojlanish institutlari qatorida qo‘shimcha investorlarni jalb qilish imkonini bergan.

IFCning aksiyadorlik kapitali, jamg‘armalar va venchur kapital bo‘yicha global investitsiyalar direktori Farid Fezua so‘zlariga ko‘ra, loyiha kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishdagi tanqislikni qisqartirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Qo‘shimcha ravishda, IFC jamg‘armani samarali boshqarish va portfel kompaniyalari qiymatini oshirish maqsadida maslahat ko‘magini ham taqdim etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling