Oʻzbekiston Serbiyadagi forumda gender islohotlarini ilgari surmoqda

Oʻzbekiston Serbiyadagi forumda gender islohotlarini ilgari surmoqda

Oʻzbekiston Serbiyadagi forumda gender islohotlarini ilgari surmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi taklifiga binoan Serbiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Belgrad shahrida Parlamentlararo ittifoq Parlamentlar ayol aʼzolari global konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiya ishida parlament delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, 65 davlatdan 400 dan ortiq delegatlar qatnashdi.  

Global konferensiyani Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson ochib berdi hamda mazkur xalqaro anjumanning ahamiyati, ayollarning huquq va manfaatlari himoyasining qanchalik dolzarb ekaniga to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlangaidek, anjumanning asosiy maqsadi – gender tenglikni taʼminlash, ayollarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish va parlamentda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat.

“Tenglikni targ‘ib qilish: gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy normalarni yengib o‘tish” mavzusida tashkil etilgan sessiyada Senat Raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan maʼruza qildi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda gender tenglikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan bo‘lib, so‘nggi yillarda bu sohada keng qamrovli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, teng huquq va imkoniyatlarni mustahkamlashga qaratilgan mexanizmlar bosqichma-bosqich takomillashib bormoqda.

Shu bilan birga, ayollarni taʼlim, zamonaviy kasb-hunarlar va yuqori texnologiyalar sohalariga keng jalb etish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Mamlakatimizda  xotin-qizlarning siyosiy yetakchilik salohiyatini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi, shuningdek, siyosiy partiyalar faoliyatida ularning ishtirokini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani, rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan kadrlar zaxirasi va maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy qarashlarga barham berish maqsadida mamlakat miqyosida keng ko‘lamli axborot-targ‘ibot ishlari olib borilayotgani, ushbu yo‘nalishdagi dasturlar Gender tenglik bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muntazam monitoring qilib borilayotgani namunaviy tajriba sifatida eʼtirof etildi.

Anjuman davomida O‘zbekistonda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning davlat hamda jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani qayd etildi. Jumladan, parlamentda ayollar ulushi 38 foizga yetgani, shuningdek, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoq reytinglarida 92 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 36-o‘rinni egallagani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini namoyon etmoqda.

O‘zbekiston tajribasi gender stereotiplarni yengib o‘tish davlat boshqaruvi sifati va barqaror rivojlanish masalasi ekanini ko‘rsatayotgani qayd etildi hamda global miqyosda parlamentlar bir-birlari bilan qonunchilik faoliyati tajribasi va gender stereotiplarga barham berishga qaratilgan samarali qonunchilikni joriy etish mexanizmlari yuzasidan almashishi bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Ishtirokchilarga 2026-yil 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament aʼzolarining global konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida ham maʼlum qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling