O‘zbekistonning radikallashuvni oldini olish borasidagi tajribasi Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi direktorlar kengashi yig‘ilishida yuqori baholandi

O‘zbekistonning radikallashuvni oldini olish borasidagi tajribasi Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi direktorlar kengashi yig‘ilishida yuqori baholandi

O‘zbekistonning radikallashuvni oldini olish borasidagi tajribasi Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi direktorlar kengashi yig‘ilishida yuqori baholandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev 2-3-iyun kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi (GCERF) direktorlar kengashining 24-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda GCERF direktorlar kengashi va hamkorlik tarmog‘i tarkibiga kiruvchi 40 dan ortiq davlatning yuqori martabali vakillari jam bo‘ldi. Diqqat markazida Fond dasturlari samaradorligini oshirish hamda uning kelgusi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari bo‘ldi.

Tadbirning alohida sessiyasi Markaziy Osiyoda xavf-xatarlar evolyutsiyasi va barqarorlik omillarini tahlil qilishga bag‘ishlandi. Munozaraga B.Mustafayev moderatorlik qildi. Ishtirokchilar ijtimoiy sohaga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotgan va kompleks preventiv yondashuvlarni ishlab chiqishni talab etayotgan zamonaviy tahdidlar xarakteridagi o‘zgarishlarni muhokama qildilar.

Mintaqa davlatlari migratsiya yo‘nalishlarining o‘zgarishi, shuningdek, ekstremistik mafkuralarning raqamli platformalar orqali tarqalishi bilan bog‘liq yangi muammolarga duch kelayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va radikallashuvning oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlari alohida dolzarblik kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning ushbu sohadagi tajribasi ishtirokchilarning alohida qiziqishiga sabab bo‘ldi. Direktorlar kengashi a’zolari mamlakatda zaiflik omillarini kamaytirish va xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni maqsadli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini yuqori baholadilar.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar keng e’tirof etildi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu yondashuv eng muvaffaqiyatli mintaqaviy tajribalar sirasiga kiradi va xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shuningdek, radikallashuvning oldini olish sohasida SMTI va GCERF o‘rtasidagi hamkorlik natijalariga alohida e’tibor qaratildi. B.Mustafayevning ta’kidlashicha, 2024-yilda tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan buyon keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi shakllantirildi, O‘zbekiston uchun GCERF investitsiya strategiyasi ishlab chiqildi, shuningdek, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari loyihalarini moliyalashtirish boshlandi.

Hozirgi kunda Fond ko‘magida "Barqaror hayot" va "Istiqbolli avlod" NNTlari va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining tashabbuslari amalga oshirilmoqda. Ularning faoliyati mahalliy hamjamiyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy xavf ostidagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar salohiyatini rivojlantirish va raqamli savodxonlikni oshirishga qaratilgan.

Bolalarni rivojlantirish markazlari va sport maydonchalari tashkil etilgani, "Kasbga ilk qadam" va "Huquqiy klinika" laboratoriyalari hamda kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari ishga tushirilgani bu boradagi ishlarning amaliy natijasi bo‘ldi. Yoshlarda tanqidiy fikrlash va axborotni mas’uliyat bilan iste’mol qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun Media markaz tashkil etishni nazarda tutuvchi "Youth Digital Resilience" tashabbusiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sessiya yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, radikallashuvning oldini olish, ijtimoiy integratsiya hamda mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini mustahkamlash sohalarida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling